24-aprel kuni Toshkentda O‘zbekiston-Fransiya iqtisodiy palatasi ochildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu tashabbus Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning 2023-yil noyabr oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida davlat rahbarlari tomonidan bildirilgandi.

Fransiya-O‘zbekiston iqtisodiy palatasi 50dan ortiq fransuz kompaniyasi va tadbirkorlarini hamda ularning o‘zbekistonlik hamkorlarini birlashtiradi.

Palata har ikki davlatning ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berib, tadbirkorlar manfaatlarini faol himoya qilib boradi.

Tadbir davomida fransuz kompaniyalarining O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, turizm, tog‘-kon sanoati, energetika kabi ustuvor yo‘nalishlarda faoliyatini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tadbir doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va O‘zbekiston-Fransiya iqtisodiy palatasi prezidenti Joan Gola hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladilar.

Hujjatda palata faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari doirasida munosabatlarni rivojlantirishning aniq mexanizmlari belgilandi.

2023-yilning noyabrida Ishbilarmonlar o‘rtasidagi sheriklikni ilgari surish uchun O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasi ishga tushishi hamda Toshkentda “Business France” agentligining ofisini ochish rejalashtirilayotgani e’lon qilingandi.

Samarqandda Fransuz alyansining filiali ochildi. Markaz 200tagacha o‘quvchini jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu yerda fransuz tili va adabiyoti bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.