Yurtimizda mahsulotlar tannarxida transport xarajatlari hanuzgacha yuqori.
Dunyoda ushbu ko‘rsatkich 8−9%dan oshmaydi. Shuningdek, mahsulotlarni sertifikatlash ham eksportda juda muhim omil.
Shundan kelib chiqib, prezident 2 may kuni o’tkazilgan yig’ilishda transport xizmatlari narxini kamaytirish, mahsulotlarni tashqi bozorlardagi texnik sifat talablariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Ishlab chiqarish va sertifikatlash sohalari mutaxassislari malakasini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratilib, masala bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lumotlarida keltirilgan.
Sanoat rivojida tarmoqlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash muhim omil hisoblanadi. Prezident qaroriga muvofiq mahalliy sanoat ishlab chiqaruvchilarni davlat xaridlari orqali qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etilmoqda.
Ilgari Spot O’zbekistonda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish kengaytirilishi, hamda “Toshkent mexanika zavodi” hududida texnopark tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.