Singapur kompaniyasi Toshkentdagi talabalarga Blockchain tadqiqot dasturi bo‘yicha ta’lim beradi. Bu haqda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Singapurdagi Sovereign Wallet aksiyadorlik kompaniyasi bosh ijrochi direktori Seokgu Yun boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va SovereignWallet network Pte.Ltd., o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandumga muvofiq, Sovereign Wallet universitetning axborot texnologiyalari va sanoatda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalariga blokcheyn tadqiqot dasturi bo‘yicha ta’lim beradi.

Sovereign Wallet tarmog‘i banklarga qaram bo‘lmagan o‘zini-o‘zi mustaqil moliyalashtiruvchi mijozlar uchun mobil qurilmalarda sodda, xavfsiz, Ethereum blockchain platformasiga asoslangan menejment va kommunikatsion yechimlarni taqdim etuvchi yirik kompaniya hisoblanadi. Kompaniya 2015 yil Singapurda tashkil etilgan.