Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 16 aprelda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 3 mayda ma’qullangan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida"gi Qonun prezident tomonidan imzolandi, xabar beradi Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali.

Qonunga muvofiq, qayta tiklanuvchi energiya manbalari atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biomassa energiyasidir.

Energetika vazirligi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Qonunga muvofiq:

  • Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar qurilmalarni (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun o‘n yil muddatga mol-mulk solig‘ini to‘lashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.
  • Energiya ishlab chiqarish uskunalarini ishlab chiqaruvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran besh yil muddatga soliqning barcha turlaridan ozod qilinadi.
  • Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar uch yil muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘idan, yer solig‘idan ozod etiladi.