Prezident “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Qarorga binoan tarmoqni jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mahalliy mineral xomashyo resurslarini qayta ishlashga investitsiyalarni jalb qilish va qurilish materiallarini eksport qilish hajmlarini oshirish maqsadida quyidagilar amalga oshiriladi:

Qurilish industriyasining xomashyo bazasi kengaytiriladi

2019−2025 yillarda mahalliy xomashyo geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qazib olish va qayta ishlash asosida qurilish industriyasining xomashyo bazasini kengaytirish prognoz ko‘rsatkichlari va diversifikatsiya qilish va mahsulot turlarini kengaytirish hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Mazkur ko‘rsatkichlar doirasida ohaktosh ishlab chiqarish 13,1 mln tonnaga, gips toshi 1,8 mln tonnaga, loysimon komponentlar, g‘isht xomashyosi, kvars qumi 1 million tonnaga, ko‘chgan tog‘ jinslari (bazalt) 0,1 million tonnaga, shag‘al esa 5,6 mln metr kubga yetkaziladi.

Shuningdek, oboy ishlab chiqarish 47 barobarga, yig‘ilgan parket panellari va plitalari 19 barobarga, yog‘och va boshqa yog‘ochbop materiallardan tayyorlangan plitalar 15 barobarga, armatura ishlab chiqarish 3 barobarga va sement ishlab chiqarish 2 barobarga oshiriladi.

2019 yil 1 iyuldan:

  • mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning eksport mahsulotini sertifikatlashtirish xarajatlari Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan qoplanadi;
  • tadbirkorlarning soliqqa tortish bazasi 5 yilda teng ulushlarda noruda foydali qazilma boyliklari konlarini o‘zlashtirish uchun zarur bo‘ladigan muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasini qurish xarajatlari miqdoriga kamaytiriladi;
  • texnogen mineral hosilalar haqidagi ma’lumotlar tadbirkorlarga bepul beriladi.

Qurilish materiallari sanoati sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 2022 yil 1 iyulga qadar jalb qilinadigan tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50%igacha, biroq 8 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda kafilliklar beriladi.

Shunindek, qurilish materiallari sanoati sohasidagi loyihalarni birgalikda moliyalashtirish uchun 2019−2021 yillarda xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy banklarning 500 mln $dan kam bo‘lmagan miqdordagi uzoq muddatli imtiyozli kredit liniyalari jalb qilinadi.