“Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ hamda Xitoyning “Shijiazhuang Zhongxing Machinery Manufacture Co Ltd.” kompaniyasi o‘rtasida qo‘shma korxona tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi, xabar beradi “O‘zagrotexsanoatxolding” matbuot xizmati.

Loyiha qishloq xo‘jaligi va yuk tashish transporti uchun disk ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha amalga oshiriladi.

Yangi qo‘shma korxonaning nizom jamg‘armasi 3,4 mln $ni tashkil etadi, shundan 1,5 mln $ miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyasi kiritilishi belgilangan. Kelishuvga asosan korxonaga 30 dan ortiq yangi zamonaviy asbob-uskunalar olib kelinadi.

Shuningdek, korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 100 ming dona g‘ildirak disklari ishlab chiqarish tashkil etib, mamlakatimizning ushbu mahsulotga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondiradi. Yangi tashkil etilayotgan korxonada 100 ga yaqin yangi ishchi o‘rinlari yaratiladi.

Ushbu korxona 2020 yilning birinchi chorak yakunida to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Shijiazhuang Zhongxing Machinery Manufacture Co Ltd. — Xitoyning yetakchi disk ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bo’lib, 2002 yilda tashkil etilgan.