QQS to‘lovchilari soni 40 mingdan ortiqni tashkil qildi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo’lib o’tgan “Soliq islohotlari doirasida qo‘shilgan qiymat solig‘ining implementatsiya qilinishi va qonunchilikka kiritilgan boshqa yangiliklar mazmuni-mohiyati” mavzusidagi brifingda ma’lum qilindi.

Brifingda ta’kidlanganishicha, QQS to‘lovchilarining toifalarini kengaytirish hisobiga soliq yukining oshishi va inflyatsiya darajasining o‘sishi soliq sohasidagi islohotlar jarayonidagi bahsli masalalardan biri bo‘lib kelgan.

2018 yilda 350 mingdan ziyod tadbirkorlik subyektidan faqatgina 7,1 mingtasi (2%) QQS to‘lovchisi bo‘lgan.

Aynan Soliq islohotlari konsepsiyasi samarasida ushbu muammo hal etilib, kichik va yirik biznes subyektlari uchun adolatli soliqqa tortish tizimi shakllantirilmoqda.

Konsepsiya qabul qilinish arafasidagi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 17 mingta QQS to‘lovchilari paydo bo‘lishini va ularning soni 25 mingtaga yetkazilishini taxmin qilingan, hozirga kelib bu raqam 40 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda va shundan 4 mingta soliq to‘lovchi ixtiyoriy ravishda QQS to‘lovchisiga aylandi.

Brifingda DSQ mas’ul xodimlari tomonidan qayd etilganidek, 1 mlrd so‘m (120 ming $ atrofida) katta va kichik korxonalar o‘rtasidagi tafovutni aniqlash imkonini beradigan maqbul miqdordir.

Misol uchun, bu ko‘rsatkichni xorijiy davlatlarda kuzatilayotgan amaliyot bilan taqqoslaganda, ularda bizdan ham past summadagi chegara, xususan, Rossiya Federatsiyasida — 30 ming $, Turkiyada — 25 ming $ etib belgilanganini ko‘rish mumkin.

O’zbekistonda QQS bo‘yicha yetarlicha amaliy ko‘nikmalar mavjud emasligi sababli bu borada Yevropa mamlakatlarining, shu jumladan, Buyuk Britaniya tajribasi o‘rganildi va unga muvofiq, 2021 yil 1 yanvariga qadar o‘tish davridagi choralar sifatida 4%dan 15%gacha kamaytirilgan stavka bilan QQSni hisoblash va to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi.

Ushbu tartibning o‘ziga xos xususiyati shundaki, QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibiga o‘tgan subyekt uchun QQSni hisobga olish huquqi berilmaydi.

Bundan tashqari, QQS to‘lovining qaytarilishi uchun soliq idoralariga taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilib, bugungi kunda ularni elektron ko‘rinishda taqdim etish imkoniyati yaratilgan.

Soliq to‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida elektron hisobvaraq-fakturalar joriy etildi va hozirgacha uni 16 mingdan ortiq soliq to‘lovchilar o‘z faoliyatida qo‘lladi. Ushbu hisobvaraq-fakturalarda aks etgan jami soliq summasi 5 trln so‘mni tashkil etdi.

DSQ soliq to‘lovchilar tomonidan qonunbuzilish holatlari haqida ma’lumot mavjud bo‘lib, bu ma’lumotlar 43 ta tashqi manbadan olinadi. Amaliy sa’y-harakatlar natijasida qisqa muddat ichida, ya’ni so‘nggi 2 hafta mobaynida o‘rtacha 40 mlrd so‘mlik QQS hisobotlaridagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etishga erishildi.

Import mahsulotlari realizatsiyasida ham tushumlarni pasaytirib ko‘rsatish holatlari uchramoqda, kunlik tushum miqdori 5 barobargacha kamaytirib ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, hozirda soliq organlarining faoliyati soliq to‘lovchilarni ma’muriy javobgarlikka tortish emas, balki ularning xatolarini birgalikda tuzatish va ishonchli hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga asoslangan.

Ilgari Spot Davlat soliq qo’mitasi soliq islohoti natijalarini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edi.