Torimed Pharm (Galaxy) MChJ Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini sudga berdi, xabar beradi O’zA.
Joriy yilning may oyida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi vakillari “Torimed Pharm” MChJga nisbatan Colgate-Palmolive (Colgate) kompaniyasining tovar belgisi bo‘yicha arizasini ko‘rib chiqib qaror qabul qilgan edi.
Unga ko‘ra, Torimed Pharm (Galaxy) MChJ “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 13-moddasi birinchi qismi uchinchi xatboshisi talablarini buzgan deb topildi.
Ya’ni tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, iste’mol xossalari, narxi, sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida iste’molchilarni chalg‘itish, xo‘jalik yurituvchi subekt (raqobatchi) tomonidan fuqarolik muomalasiga kiritiladigan tovarni uning tashqi bezatilishi va shaklini, nomini, tamg‘alanishini, etiketkasini, o‘rovini, ranglar uyg‘unligini, tovar belgisini takrorlash, reklama materiallaridan yoki xo‘jalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) tovarini individuallashtiruvchi boshqa elementlardan nusxa ko‘chirish orqali qalbakilashtirish qismi bo‘yicha insofsiz raqobatchi deb topildi.
Kompaniya mazkur qarorga norozilik bildirib sudga murojaat qildi va suddan komissiya a’zolarining xatti-harakatlarini (harakatsizligi) qonunga xilof, maxsus komissiyaning tegishli ajrim va qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Hozirda sudda Galaxy tovar belgisi Colgate tovar belgisiga rostdan ham o‘xshashmi yoki yo‘q, Torimed Pharm (Galaxy) MChJ chindan ham insofsiz raqobatchimi — shu kabi savollar muhokama qilinmoqda. Taraflar o‘z vajlarini keltirib o‘tmoqda. Sud ishni ko‘rishni keyingi haftaga qoldirdi.