Toshkent va Varshava o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rganib chiqilmoqda, xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

1 iyul kuni Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov O’zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Polsha Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Marchin Pjidach bilan uchrashdi.

Uchrashuv kun tartibidan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari o‘rin oldi.

Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya ishiga muntazamlik berish va yilning ikkinchi yarmida Varshava shahrida uning 7-yig‘ilishini o‘tkazish borasidagi takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

Ilgari Spot “O‘zbekiston havo yo‘llari” 16 iyuldan Tbilisiga qatnovlarni amalga oshirishi haqida xabar bergan edi.