Prezident “Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hujjatni imzoladi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 dekabrga qadar soliq hisobotini topshirish tizimi bilan integratsiya qilingan buxgalteriya hisobining yagona axborot tizimi joriy qilinadi.

Tizim buxgalteriya hisobini amalga oshirish hamda soliq to‘lovchilar va soliq organlari o‘rtasida real vaqt rejimida ma’lumotlar almashish imkonini beradi.

Shuningdek, qaror bilan “UzTrans” yagona interaktiv axborot tizimi bazasida “Yuk tashishlar monitoringi” axborot platformasini ishlab chiqiladi.

Platforma quyidagilarni ta’minlaydi:

  • yuk tashuvchilar tomonidan tovarning kuzatuv hujjatlarini (schyot-faktura (invoys), yuk xati va boshqa hujjatlarni) ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • yuk jo‘natuvchilar va uni qabul qilib oluvchilar tomonidan real vaqt rejimida tovarlar harakatini monitoring qilish.

2020 yil 1 yanvardan boshlab yuk tashuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tovarning kuzatuv hujjatlarini Axborot platformasida majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.