Ilgari Spot xabar berganidek, Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 2019 yilning 15 avgustidan boshlab yoqilg’i, gaz va elektr energiyasining narxlari va tariflari oshiriladi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo’lib o’tgan brifingda Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov energoresurslar narxlari oshirilganiga izoh berdi.

Moliya vaziri energoresurslarga qo‘yilgan narxlarning oshirilishi joriy tariflarning bozor iqtisodiyotiga moslashtirish, korxonalar iqtisodiy ahvolini o‘nglashdan iboratligini ta’kidladi:

“Narx-navoni oshirish Moliya vazirligi, Energetika vazirligi yoki boshqa bir idora hal qiladigan masala emas. Bozor iqtisodiyotining talabi shunday. Bozorda narxlar erkin bo‘lmas ekan, tarozining toshi to‘g‘rilanmaydi. Aslida narxlar 1 iyundan oshishi kerak edi. Elektr energiyasini bir kVt/soat uchun 480 so‘m qilmoqchi edik. Lekin prezidentimiz bunga qarshi bo‘ldi”, — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, energoresurslar narxi yana oshadi. Qachon va qancha foizga qimmatlashi aniq emas, lekin narxlarda o‘sish albatta bo‘ladi.