2018 yilda 71,1 mln $ qiymatida pillachilik mahsuloti eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni yil so‘nggiga qadar 70 mln $ga oshirish rejalashtirilgan.

Bu haqda “O‘zbekipaksanoat” boshqarma boshlig‘i Shuhrat Abdulazizov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda ipak qurtini boqish va yetishtirishda sifat darajasi pasayib ketganligi sabab, chet davlatlardan o‘tgan yili 84 ming quti ipak qurti import qilingan bo‘lsa, bu yil 150 ming quti keltirildi.

“2022 yilda sifatli ipak qurtini yetishtirishni to‘liq mahallaylishtirib, O‘zbekistondan chet davlatlarga ipak qurtini eksport qilishni maqsad qilganmiz”, — deydi Shuhrat Abdulazizov.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bugungi kunda XXR, Hindiston, Vetnam, Fransiya, Italiya, Avstriya, AQSh, jami 26 ta davlatlarga pillachilik mahsulotlari yetkazib bermoqda. Fransiyada ipakchilik bo‘yicha savdo uyi ochilgan.

2018−2021 yillarda pilla tayyorlash va uni qayta ishlash negizida yuqori qo‘shilgan qiymatli, eksportga mo‘ljallangan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan.