Davlat soliq qo‘mitasida fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta xomashyosini xaridorlarga realizatsiya qilishda QQS hisoblash tartibi misollar bilan tushuntirildi.

Fermer xo‘jaliklari yetishtirilgan paxta xomashyosini paxtani qayta ishlovchi zavodlarga topshirayotganda Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan soliq hisobotlari shakllarining 3-ilovasida keltirilgan hisobvaraq-faktura shaklini to‘ldiradilar.

Masalan, “Porloq kelajak” fermer xo‘jaligi 2019 yil 8 oktyabr kuni paxtani qayta ishlash zavodiga 12-son hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirish orqali topshirgan paxta miqdori 10 tonnani tashkil etadi.

Paxta xomashyosining 2019 yil hosili uchun narx (QQS bilan) 4 300,0 ming so‘m miqdorida belgilangan, deb olinsa fermer xo‘jaligi tomonidan hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirish tartibi quyidagicha amalga oshiriladi:

  • 1-ustunda (tovar (ish, xizmatlar) nomi) — “Paxta tolasi” deb yozadi
  • 2-ustunda (o‘lchov birligi) — “tonna” deb yozadi
  • 3-ustunda (Miqdori) — “10” ko‘rsatadi
  • 4-ustunda (narxi) — “3 739 130,43” so‘mni ko‘rsatadi. Bu paxta tolasining 1 tonna QQS hisobga olinmagan holda belgilangan narxi.
  • 5-ustunda “Etkazib berish qiymati” — “37 391 304,3” so‘m ko‘rsatiladi
  • 6-ustunda (QQS stavkasi) — “15” deb ko‘rsatiladi
  • 7-ustunda (QQS summasi) — “5 608 695,7” so‘mni ko‘rsatadi. Bu summa quyidagicha aniqlanadi:

a) 4 300 000×15 / 115 = 560 869,56 so‘m; b) 560 869,56 so‘m x 10 t. = 5608695,6 so‘m.

Bunda, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab QQS stavkasi 15% etib belgilandi.

  • 8-ustunda (Etkazib berishning QQSni hisobga olgan holda qiymati) — 43 000 000 so‘m.

Paxta tolasini etishtiradigan fermer xo‘jaliklari tomonidan ushbu mahsulotni yetishtirish uchun qilgan xarajatlarida QQS to‘lab berilgan bo‘lsa, ushbu QQS hisobga olishga hamda byudjet bilan QQS bo‘yicha hisob-kitob qilishda belgilangan tartibda chegirib tashlashga haqlidir.