Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan (joriy yil oktybr holatiga ko‘ra) olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida katta miqdordagi byudjet mablag‘lari noqonuniy sarflanganligi aniqlandi, xabar beradi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Nazorat tadbirlarining asosiy qismi byudjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarda mablag‘lardan maqsadli foydalanishi va moliyaviy intizomga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan bo‘lib, 5487 ta nazorat tadbirlaridan 4461 tasida (81,3%) 91,4 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

2018 yilning mos davrida esa ushbu ko‘rsatkich 38,3 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Xususan, Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi muassasalarida 18,9 mlrd so‘mni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan qonunbuzilish holatlari 9,8 mlrd so‘mga (2 marta) ko‘paygan.

Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi tizimi tashkilotlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 12,1 mlrd so‘mni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan 10,4 mlrd so‘mga, Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimidagi muassasalarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 6,6 mlrd so‘mni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan 3,5 mlrd so‘mga ko‘paygan.

Shu bilan birga, hisobot davrida Sog‘liqni saqlash vazirligi muassasalarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 10,2 mlrd so‘mni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan (10,7 mlrd so‘m) kamaygan bo‘lsada, yirik miqdorda qonunbuzilish holatlari saqlanib qolmoqda.

Yirik miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar Jizzax (13,5 mlrd so‘m), Andijon (9,2 mlrd so‘m), Samarqand (7,7 mlrd so‘m), Surxondaryo (7,1 mlrd so‘m), Toshkent (7,3 mlrd so‘m) viloyatlariga va Toshkent shahriga (7,5 mlrd so‘m) to‘g‘ri kelmoqda.

Shu jumladan, byudjet intizomini buzilishiga yo‘l qo‘ygan byudjet tashkilotlarining 261 nafar mansabdor va mas’ul shaxslariga belgilangan tartibda 191,4 mln so‘mlik ma’muriy jarima qo‘llanildi.

“O‘zpaxtasanoat” AJ tizimidagi paxta tozalash korxonalarida o‘tkazilgan 158 ta nazorat tadbirlarining 88 tasida 120,3 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, nazorat tadbiri hujjatlari tegishli chora ko‘rish uchun prokuratura organlariga topshirildi.