AOKAda “O'ztransgaz” axborot xizmati Shahnoza Ravshanova ishtirokida brifing o’tkazildi. Unda aholining tabiiy gazga bo’lgan talablarini qondirish yuzasidan amalga oshirilishi kutilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berib o’tildi.

“O‘ztransgaz” AJ tabiiy gazni eksport va import qilish uchun gaz qazib oluvchi tashkilotlardan olib, magistral gaz quvuriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan iste’molchilarga yetkazib beruvchi operator sanaladi. 2020-yilda respublika iste’molchilariga qariyb 40 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. Kuz-qish mavsumi sovuq kelgani bois hukumat topshirig‘i bilan eksport hajmi kamaytirilib, ichki iste’molga yo‘naltirildi.

2020 yilda 194 kmdan ortiq uzunlikdagi magistral quvurlarida qurilish, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari olib borildi.

“O‘rtasaroy”, “Uchtom”, “Yangi hayot” GTS qurildi, bir qator GTSlar zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilindi. 2020-yilda respublika hududida joylashgan gaz taqsimlash inshootlari milliy geoaxborot tizimiga to‘liq kiritildi.

Magistral gaz quvurlarida gaz hisobi va nazoratining avtomatlashtirilgan onlayn tizimi (ASKUG) joriy etilgani natijasida gaz qazib oluvchi tashkilotdan olinayotgan hamda iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilayotgan gazning hisobini onlayn yuritish imkoni yaratildi.

“Prezidentning Parlamentga yo‘llagan Murojaatida tabiiy gaz ta’minotidagi monopoliya bekor qilinib, bozor mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilishi ta’kidlandi. Bunda ishlab chiqaruvchi va importyorlar birja orqali tabiiy gazni sotish, ulgurji iste’molchilar esa gazni sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. „O‘ztransgaz“ AJ esa faqat gazni transportirovka qiladi. Hozirda ayni jarayonning normativ-huquqiy asoslari ishlab chiqilmoqda”, deydi Shahnoza Ravshanova.

Joriy yil so‘ngiga qadar ulgurji iste’molchilarning ma’lum bir qismi tabiiy gazni birjalar orqali sotib olishni boshlaydi va bu jarayon bosqichma-bosqich davom ettiriladi. Ortib borayotgan ichki iste’mol talabini qondirish maqsadida tabiiy gaz importi yo‘lga qo‘yiladi.