Aokada soliq tizimiga oid materiallarda fuqarolarga noo‘rin soliq solinayotgani yuzasidan brifing o’tkazildi. Unga ko’ra ko‘p qavatli uylar oldidagi avturargoh uchun qancha soliq to‘lanishi ma’lum qilindi. Bu haqda AOKAning telegramdagi rasmiy kanali xabar beradi.

AOKAda Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Shodiyor Ahmedov e’lon qilishi bo’yicha, 2021-yildan boshlab, jismoniy shaxslarning ko‘p qavatli uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari mol-mulk solig‘i obyektlari qatoriga kiritildi. Endi kadastr organi avtomashina turar joylarining kadastr qiymatini belgilaydi.

Avtomashina turar joylari uchun xuddi jismoniy shaxs turar uy-joyi uchun to‘lanadigan mol-mulk solig‘i stavkasida, ya’ni kadastr qiymatidan 0,23 foiz stavkada to‘lanadi.

Masalan, avtomashina turar joyining kadastr qiymati 11 mln so‘m. Avtomashina turar joyining yillik mol-mulk solig‘i miqdori — 11 mln so‘m x 0,23% = 25 300 so‘mni tashkil qiladi.

Oldingi yillarda jismoniy shaxslar ushbu noturar joylar uchun yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan stavkada (2%) mol-mulk solig‘ini to‘lar edi. Ya’ni, 11 mln dan 2% = 220 ming so‘m (9 baravar ko‘p).