Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Yunusabad Business City direksiyasi va East Telecom QK MCHJ o‘rtasida Yunusabad Business city hududidagi 0,60 ga maydonda ETIDC biznes-markazi va ma’lumotlar markazini qurish loyihasida ishtirok etish uchun investitsiya kiritish haqida kelishuv imzolandi. Bu haqida Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati xabar beradi.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va server quvvatini oshirish masalalari doirasida Yunusabad Business City hududida zamonaviy ma’lumotlar markazining qurilishi ko‘plab sohalarni rivojlantirishga turtki beradi. Chunki IT-loyihalar zamonaviy xostingning barcha afzalliklariga ega bo‘lib, ulardan banklar va yirik kompaniyalar, davlat tuzilmalari, xizmat ko‘rsatish sohasining vakil kompaniyalari va boshqalar foydalana oladi.

Ma’lumot: East Telecom QK MCHJ o‘zbek-koreys kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi hududida xizmat ko‘rsatish uchun kelajak avlod Tarmoqlarining (Next Generation Network — NGN) texnologiya va yechimlaridan foydalangan ilk aloqa operatoridir. Ushbu texnologiyalar an’anaviy aloqa xizmatlari hamda yangi, ma’lumotlarni paketli uzatish va multimedia xizmatlarining integratsiyasini ta’minlaydi.