Toshkent shahar hokimi poytaxtda transport vositalarining 2021-yilda belgilangan tartib asosida majburiy texnik ko’rikdan o’tish haqida qarorni qa’bul qildi.

Qarorga binoan, jismoniy shaxslar — 1 yanvardan 31 avgustgacha, yuridik shaxslar — 1 yanvardan 30 iyungacha ko’rikdan o’tishi lozim. Tijorat asosida yo’lovchi tashish va maxsus transport vositalari texnik ko’rikdan yilda ikki marotaba o’tishi kerak: 1 mart — 30 iyun va 1 sentyabr — 31 oktyabr oralig’ida.

Shuningdek, hujjatda yuridik shaxslarga tegishli transport vositalarining ko’rikdan o’tkazish jadvali taqdim etilgan. Poytaxtda ro’yxatdan o’tgan 7099 ta kompaniya ro’yxati va shu bilan birga ular to’g’risida ma’lumot (avtomobillar soni, tekshiruv sanasi, vaqti va manzili) berilgan.

Spot avval, prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yilga mo’ljallangan Davlat dasturini tasdiqlaganini yozgan edi. Dastur istalgan hududda texnik ko’rikdan o’tishga ruxsat berish (eksterritoriallik prinsipi asosida) va yangi avtomobillarni texnik ko’rikdan o’tkazish tartibini bekor qilishni nazarda tutgan edi.