Toshkentda amaliy fanlar universiteti tashkil etilishi to’g’risidagi VM qarori regulation.gov.uz da xalq muhokamasiga qo’yildi. Bu haqida Toshkent shahar hokimligi xabar beradi.

Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “University of Tashkent for Applied Sciences” mas’uliyati cheklangan jamiyatining nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi Toshkent amaliy fanlar universitetni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga ma’qullangan.

Universitetda ta’lim jarayoni xorijiy tajribaga muvofiq ishlab chiqilgan malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari asosida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanib:

  • O‘qitish O‘zbekiston Respublikasida amalda mavjud ta’lim shakllari hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarida amalga oshiriladi;
  • Ta’lim olish to‘lov-kontrakt asosida, shuningdek yuridik shaxslar — potensial ish beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan ta’lim grantlari, shuningdek, yoshlarni o‘qitish uchun ajratiladigan yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;
  • Dastlabki bosqichda “Biznes axborot tizimlari”, “Biznes boshqaruvi”, “Axborot xavfsizligi” hamda “Elektron tijorat” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar qabuli amalga oshiriladi;
  • Ta’lim raqamli texnologiyalar, masofaviy ta’lim xizmatlari, vebinarlar, onlayn-o‘qitish, “blended learning” va boshqa zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda kunduzgi, sirtqi, maxsus sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida amalga oshiriladi;
  • Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasining oliy ma’lumot to‘g‘risidagi davlat namunasidagi diplomi beriladi;

Universitet Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Ahmad Donish ko‘chasi, 12 kvartal, 20a-uy manzilida joylashtiriladi.

Belgilanishicha, 2024-yil 1-avgustga qadar:

  • Universitet barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan;
  • Universitetga jalb etiladigan xorijiy professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar yagona ijtimoiy to‘lovni va jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqni to‘lashdan;
  • Universitetni jihozlash va faoliyatini tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar (shu jumladan laboratoriya uskunalari), komp’yuter texnikasi, elektron doskalar, proektorlar, mul’timedia mahsulotlari, adabiyotlar, qurilish materiallari va inventar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinadi.