2020-yilda dunyo boʻyicha rekord miqdorda — 3 million dona elektromobil sotildi, mazkur oʻsish avvalgi yilga nisbatan 41% ni tashkil etdi, deya xabar bermoqda “Anadolu”.

Xaridorlar elektromobil sotib olish uchun umumiy miqdorda $120 milliard sarflagan boʻlib, bu 2019-yildagi koʻrsatkichdan 50% ga yuqori.

Dunyo boʻyicha avtomobillar savdosida elektromobillarning sotuvi ulushi esa mutanosib ravishda 4,6% ni tashkil etdi va dunyodagi elektromobillarning umumiy soni 10 million donadan oshdi.

Statistikaga koʻra, oʻtgan yili Yevropada 1,4 million, Xitoyda 1,2 million va AQShda 295 ming dona elektromobil sotilgan. Shundan kelib chiqib, Xitoydagi elektromobillar soni 4,5 million, Yevropada esa 3,2 million donaga yetgan.