Joriy yil aprel oyida avtomobil bozorida aholi talabi mart oyiga nisbatan 14,1 foizga oshib, ketma-ket uchinchi oy barqaror o‘sish sur’atlarini ko‘rsatmoqda. Avtomobillar savdosining o‘sishi 2020-yil aprel oyiga nisbatan 355,9 foizni, 2019 yilning shu davriga nisbatan 19,6 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaz Spot’ga xabar berdi.

2021 -yil aprel oyida ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni o‘zgarishi indeksi


2020-yil aprel oyida ushbu ko‘rsatkich fevral oyiga nisbatan 75,8 foizga, mart oyiga nisbatan 63,1 foizga kamaygan edi.

Hisobot davrida ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni Toshkent shahrida (28,9 foiz), Buxoro (31,4 foiz), Surxondaryo (18,8 foiz), Samarqand (17,8 foiz) viloyatlarida tez sur’atlarda o‘sgan bo‘lsa, Jizzax (6,0 foiz), Xorazm (3,9 foiz) viloyatlarida pasayish kuzatildi.

2021 yil yanvar-aprel oylarida 59,6 mingta yangi avtomobillar ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ularning 2,9 mingtasi (4,9 foizi) — inomarkalardir.

Chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar eng ko‘p sotilgan hududlar Toshkent shahri (yangi avtomobillarning 11,8 foizi), Toshkent (5,6 foizi), Samarqand (3,3 foizi) va Xorazm (2,7 foizi) viloyatlari bo‘ldi.

2021 yil yanvar-aprel oylarida sotilgan yangi mahalliy va xorijiy avtomobillar ulushi


Koronavirus pandemiyasi 2020 yilda avtomobillar savdosiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatdi. Avtomobillarga talab katta bo‘lgan bir paytda, ishlab chiqarish korxonalarining yopilishi va mikrosxemalar yetishmasligi zaxiralar yaratishni qiyinlashtirdi, bu global muammoga aylandi.

Dunyo miqyosida iqtisodiyotlarda koronavirus pandemiyasidan keyin tiklanishning aniq belgilari namoyon bo‘lmoqda. Masalan, Yaponiyada 2021-yil aprel oyida yangi avtomobillar bozori bir yil avvalgi 270,4 ming donadan 349,9 ming donagacha yoki 29 foizdan ko‘proq o‘sdi. So‘nggi ikki oyda hukumat tomonidan yaqinda yana kuchaya boshlagan COVID-19 infeksiyasi tarqalishini oldini bo‘yicha yangi choralar ko‘rilganiga qaramay, ishbilarmonlik kayfiyati sezilarli darajada yaxshilandi, ushbu davrda sanoat ishlab chiqarishi va eksport keskin tiklandi.

Xitoyda 2021 yil aprel oyida yangi avtomobillar bozori o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 8,6 foizga o‘sib, 2,07 mln. donadan 2,25 mln. donaga yetdi. Kechiktirilgan talab va past foiz stavkalari sababli mamlakatning avtomobil bozori pandemiyadan oldingi darajaga qaytdi.

COVID-19 vaksinasining keng tadbiq etilishi va aprel oyida yengil avtomobillarning yuqori darajada sotilishi 2021-yilning qolgan qismida optimizmga sabab bo‘lmoqda.

Xulosa qilib shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va avtomobillar bozorida keyinga qoldirilgan talab bilan belgilanadigan o‘sish kutilmoqda. Oldi-sotdi shartnomalari soni o‘sishda davom etadi va mahalliy rekordlar o‘rnatilishi mumkin, lekin narxlarda keskin o‘sish bo‘lmaydi.