USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov “The Times” nashrining Buyuk Britaniyadagi “eng boy odamlar” roʻyxatida 6-oʻrinni egalladi.

Nashr uning boyligini £13,4 milliardga baholagan va tadbirkorni eng saxiy milliarderlardan biri ekanligini, soʻnggi 20 yil ichida u £4,2 milliarddan koʻproq mablagʻni xayriya ishlariga sarflaganini taʼkidlagan.

“Mening fikrimcha, hayotda omadga erishganlar, imkoni boricha jamiyatga yordam berib turishlari kerak. Inson boshqa odamlarni xursand qilgandagina baxtli boʻlishi mumkin”, — deya oʻz falsafasini tushuntirgan Usmonov.

Xayriya asosan, Rossiya va Oʻzbekistonga yoʻnaltirilgan, ammo Usmonov oʻtgan yili 1892-yilgi Olimpiya Manifestini sotib olish uchun $8,8 million sarflagan. Keyinchalik u Shveysariyadagi Olimpiya muzeyiga sovgʻa qilingan.

Ma’lumot uchun, Alisher Usmonov yuqoridagi roʻyxatda 2020-yil 7-oʻrinni, 2019-yilda esa 8-oʻrinni egallagandi.