Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida deputatlar Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2021-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqdilar.

Hisobotda taʼkidlanishicha, 2021-yilda ham COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan global iqtisodiy inqiroz natijasida tashqi iqtisodiy holat boʻyicha xatarlar noaniqligi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.

2021-yilning yanvar-mart oylarida respublikamiz iqtisodiyoti 2020-yilning mos davriga nisbatan 3,0% ga oʻsgan boʻlib (2020 yilning 1-choragida 4,6%), yalpi ichki mahsulot hajmi 128,6 trillion soʻmni tashkil etdi. Iqtisodiy oʻsish sanoat 3,8% ga, qurilish 0,5% ga, qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi 3,1% ga hamda xizmatlar 2,8% ga oʻsishi bilan taʼminlangan.

Inflyatsiya darajasi yillik nisbatda 10,9% ni, oʻtgan yilning yanvar-martiga nisbatan esa 2,7% ni tashkil etdi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari yillik inflyatsiya koʻrsatkichini 5,9% ga, nooziq-ovqat mahsulotlari 3,1% ga, xizmatlar esa 1,9% ga oshirdi.

Maʼlum qilinishicha, 2021-yilning birinchi choragida davlat byudjeti daromadlari 33,9 trillion soʻmni, xarajatlari esa 34,1 trillion soʻmni tashkil etgan.

2021-yilning birinchi choragida ijtimoiy xarajatlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 21% ga oshirilib 18,2 trillion soʻmni tashkil qilgan, davlat byudjeti taqchilligi esa 188,2 milliard soʻmni tashkil etgan. Ushbu taqchillik xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan imtiyozli kredit mablagʻlari hisobidan qoplangan.