Tesla kompaniyasi mikrosxemalar ishlab chiqaruvchi zavod sotib olish imkoniyatlarini ko’zdan kechirmoqda. Bu haqda Financial Times nashri xabar beradi.

Shaxsiy zavod yarimo’tkazgichlar muammosini yengib o’tishga yordam beradi, ammo moliyaviy tomondan katta investitsiya talab qiladi, deya fikr bildirmoqda ekspertlar.

Shuningdek, kompaniya Janubiy Koreya, Amerika Qo’shma Shtatlari va Tayvanda sanoat operatorlari bilan kelajakdagi komponentlar ta’minotini ta’minlash uchun oldindan chiplarni sotib olish bo’yicha muzokaralar olib bormoqda.

FT ta’kidlaganidek, Tesla elektromobillari uchun asosan Tayvan va Janubiy Koreyada ishlab chiqariladigan eng yangi avlod mikrosxemalardan foydalanadi, ammo global chip yetishmovchiligi sharoitida vaziyat tobora qiyinlashmoqda.

Bain konsalting firmasi fikricha, ko’plab avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bu haqda o’ylab ko’rishgan. Ammo zavod narxi qanchaga tushishi bilib, bu fikrdan voz kechishgan.

Bu turdagi zavodni $20 mlrdga sotib olish mumkin va egasiga bunday murakkab korxonani boshqarish qulay bo’lishi uchun ko’p vaqt ketishi mumkin.

Biroq, Tesla allaqachon elektromobillarga o’rnatilgan avtonom haydash tizimlari uchun yarimo’tkazgichlarni ishlab chiqaradigan muhandislar guruhiga ega va kompaniya o’tgan yili o’z batareyalarini ishlab chiqarish rejasini e’lon qilganda komponentlarni ishlab chiqarishga qiziqishini namoyish etgan edi.