Boʻsh maydoni boʻlgan OTMlar oʻz hududida, boʻsh maydoni boʻlmaganlari 1,5 kilometrgacha masofada tadbirkorlarga yotoqxonalar tashkil etish uchun yer auksion orqali ajratiladi. Bu haqda prezident ishtirokida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilingan.

Hozirda talabalarda qoʻshimcha 149 mingta turar joyga ehtiyoj mavjud. Ushbu muammoli masalani, faqatgina tadbirkorlar bilan xususiy sheriklik orqali qisqa fursatlarda hal qilish mumkinligi aytildi.

“Bu tadbirkor uchun — kafolatli mijoz, birinchi va ikkinchi qavatidagi biznesi uchun katta bozor, talaba uchun — qulay va arzon sharoit, oliygohga esa — mablagʻni tejash va ularni taʼlim sifatini oshirish uchun yoʻnaltirishga katta imkoniyat” — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oliygoh rektori, viloyat hokimlari tadbirkorlar bilan kamida 20 yil muddatga shartnoma imzolaydi, binoning 1−2 qavatini biznes uchun (koʻngilochar xizmatdan tashqari) tadbirkorga berish, yuqori qavatlarini arzon turar joy (xostel) tashkil etish shartlari belgilanadi.