Dubayning “Choithrams” supermarketlar tarmog‘i, “Umer Ali Trading” va “The house of organic” kompaniyalari rahbarlari Farg‘ona viloyatiga safar qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Viloyat hokimligida dubaylik ishbilarmonlar bilan uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda Farg‘onada yetishtiriladigan meva va sabzavotlar eksporti geografiyasini kengaytirish, Dubay supermarketlariga viloyat meva mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Mehmonlar viloyat dehqonlarining meva-sabzavotchilik, xususan, gilos, o‘rik, anor, olma va boshqa mevalarni yetishtirishdagi ilg‘or tajribasi bilan tanishish maqsadida Oltiariq va Quva tumanlariga tashrif buyurdi.