Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi tomonidan Oʻzbekiston Davlat soliq qoʻmitasining operatsion samaradorligi va natijadorligini oshirishga qaratilgan “Soliq maʼmuriyatchiligini isloh qilish” loyihasi maʼqullandi. Bu haqda Jahon bankining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Loyiha $60 mln miqdoridagi imtiyozli kredit hisobiga amalga oshiriladi. Jahon banki guruhining tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ushbu mablagʻni Oʻzbekiston hukumatiga past foizda va 30 yilgacha boʻlgan muddatga imtiyozli kredit shaklida taqdim etadi.

“Hukumat mamlakatdagi biznes va investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida soliq maʼmuriyatchiligi tizimidagi islohotlarga ustuvor ahamiyat bermoqda. Yangi loyiha Davlat soliq qoʻmitasining faoliyatini soliq toʻlovchilar manfaatlari nuqtai nazaridan takomillashtirishga yordam beradi”, — dedi Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Loyiha uchta asosiy komponentni oʻz ichiga oladi, ular Davlat soliq qoʻmitasining operatsion, institutsional, texnologik va inson salohiyatini rivojlantirishga yordam beradi, shuningdek, Oʻzbekistonda soliq qonunchiligi talablariga ixtiyoriy rioya qilishni ragʻbatlantiradi.

Avvalroq Spot, Jahon banki Oʻzbekistonning ayrim viloyatlarini rivojlantirish uchun $100 mln ajratganligi haqida xabar bergan edi.