Moliya vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 103−105-moddalariga asosan ortiqcha toʻlangan soliqlarni hisobga olish va qaytarish boʻyicha kiritilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlardan kelib chiqib qaror loyihasi ishlab chiqilgan.

Jumladan, ortiqcha toʻlangan (ortiqcha undirilgan) soliqlarni hisobga olish va (yoki) qaytarish boʻyicha soliq toʻlovchining arizasi kelib tushgan kundan boshlab oʻn kun ichida soliq organining qaror qabul qilinib, bu haqida soliq toʻlovchini uch kun ichida xabardor qilinishi belgilanmoqda.

Shuningdek, yanglishib toʻlangan soliq summalari, shuningdek penyalar va (yoki) jarimalar soliq toʻlovchiga uning yoxud bankning yoki Oʻzbekiston Respublikasi Gʻaznachiligining yozma murojaati asosida, agar xatolik ular tomonidan yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, qaytarilishi maʼlum qilingan.

Loyihada quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • ortiqcha toʻlangan (ortiqcha undirilgan) soliqlarni hisobga olish va (yoki) qaytarish boʻyicha soliq organining qaror qabul qilinishi;
  • sud hujjatlari va soliq organining qarorlariga asosan majburiy ijro byurosi tomonidan undirilgan soliq va yigʻimlarni byudjetga oʻtkazish boʻyicha toʻlov topshiriqnomasi namunasi;
  • ortiqcha toʻlangan (ortiqcha undirilgan) yoki xatolik bilan toʻlangan soliq (penya, jarima) summalarini boshqa soliq qarziga hisobga olish boʻyicha tayyorlangan bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobaridan oshmagan topshiriqnoma va qarorlarni Gʻaznachilik boʻlimlariga avtomatik yuborish;
  • ijroga qabul qilingan topshiriqnoma va qarorlarni soliq organining murojaatiga asosan vaqtinchalik toʻxtatib turilishi yoki qaytarilishi;
  • 5 ish kuni mobaynida hisob raqamlarda joriy tushumlar yetishmagan topshiriqnoma va qarorlarning ijrosini tegishli byudjetning shaxsiy gʻazna hisob varagʻidan amalga oshirilishi.

Natijada, ortiqcha toʻlangan (undirilgan) soliqlarni hisobga olish va (yoki) qaytarish muddatlari qisqaradi, soliq organining masʼuliyati oshiriladi va tizim avtomatlashadi, deyiladi xabarda.