Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-iyun kuni Yangi O‘zbekiston universitetida ta’lim jarayonini tashkil etishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bu universitet davlat oliy ta’lim muassasasi shaklida tashkil etiladi. Uning asosiy vazifalari — nufuzli xorijiy o‘quv yurtlarining ta’lim dasturlari asosida yuksak kasbiy bilim va malakalarga ega bo‘lgan istiqbolli kadrlar tayyorlash, talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, buning uchun har tomonlama qulay muhitni shakllantirishdir.

Spot’ga ma’lum bo’lishicha, universitet hozirgi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “A” blokida va “B” blokning 5−6- qavatlarida ta’lim berishni boshlaydi.

Shuningdek talabalar uchun universitet yotoqxonasining 5−6- qavatlari ham taqdim etiladi. Hozirda ko’rsatilgan binolarda kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Universitetda 5 ta — muhandislik, tabiiy fanlar, boshqaruv, agrotexnologiyalar va axborot texnologiyalari fakultetlari bo‘ladi. Darslar o‘zbek va ingliz tillarida olib boriladi. Kredit-modul tizimi joriy etilib, o‘qish davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Ushbu ta’lim maskanining o‘quv binosi va kampuslari ham zamonaviy, xalqaro BREEAM sertifikatlariga mos bo‘ladi. Ilk o‘quv yili shu yil sentyabrdan boshlanadi.

Iqtisodiyot tarmoqlaridagi ehtiyojlardan kelib chiqib, ilmiy tadqiqotlar olib borish, talabalarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb etish ham universitetning asosiy vazifalaridan. Shu maqsadda dunyoning yetakchi universitet va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, ilmiy jurnal ta’sis etiladi.