Jahon Banki direktorlar Kengashi magistral elektr tarmoq podstantsiyalarini modernizatsiya qilish va tizim faoliyatini raqamlashtirish boʼyicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun 380 million АQSh dollari miqdorida kredit ajratilishini maʼqulladi.

Loyiha Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining (XTА) $380 million hisobidagi krediti va “Barqaror qayta tiklanadigan energiya xatarlarini kamaytirish tashabbusi” dasturi doirasida Yashil Iqlim Fondi (YIF) tomonidan ajratiladigan $43 mln hisobidagi kredit bilan qoʼllab-quvvatlanmoqda.

Oʼzbekiston hukumati ushbu moliyalashtirishni juda past foizli stavkalar hamda uzoq muddatli — 40 yilgacha qaytarish sharti bilan olishi nazarda tutilgan. Shuningdek, YIF mazkur loyiha faoliyatini qoplash uchun $4 mln. miqdorida grant mablagʼlari ajratadi. Oʼzbekistonda elektr energiyasiga boʼlgan talab 2030-yilga kelib 100 teravatt•soatdan oshishi kutilmoqda.

Boshqa tadbirlar bilan bir qatorda loyiha doirasiga 22 ta eskirgan yuqori kuchlanishli podstantsiyalarni yangilash va kengaytirish hamda Oʼzbekistonning 11 mintaqasida yangi 500 kV kuchlanishli podstantsiya va u bilan bogʼliq elektr uzatish tarmoqlarini qurish kiradi.

Kompaniyaning elektr energiyasi sohasidagi strategik rolini hisobga olgan holda, loyiha “Oʼzbekiston MET” АJning biznes jarayonlari, moliyaviy, operatsion va tijoriy koʼrsatkichlari, raqamlashtirish hamda institutsional salohiyatini rivojlantirish orqali transformatsiyani qoʼllab-quvvatlaydi.

Bu kompaniyaning faoliyati va rejalashtirish funktsiyalari korporativ boshqaruv va qaror qabul qilish jarayonlari hamda kiberxavfsizlikni boshqarish boʼyicha tadbirlarni qamrab oladi.

Loyiha Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy salohiyatini rivojlantirish trast fondining 350 000 dollarlik granti va Osiyo bilan bogʼlanish va savdo dasturining 500 000 dollarlik granti asosida tayyorlangan.