Joriy yilning 2 — iyul kuni “Moody's” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasiga bag‘ishlangan navbatdagi hisobotini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, mamlakatimizning kredit reyting kutilmasi “barqarordan"dan “ijobiyga"ga ko‘tarildi va reyting bahosi “B1” darajasida saqlab qolindi.

Hozirgi kunda xalqaro reyting agentliklari tomonidan dunyo bo‘ylab faqatgina 12 ta mamlakatning reyting kutilmasi ijobiy baholangan.

Reyting kutilmasining ijobiyga o‘zgargani keyingi davrlarda reyting bahosi ko‘tarilishining ehtimoli oshganligini anglatadi.

Agentlik O‘zbekiston reytingi prognozining oshirilishi bo‘yicha qarorini quyidagilar bilan izohlagan:

  1. Mamlakatning institutsional salohiyati va davlat siyosati samaradorligi yaxshilangan va bu davom etsa reyting ko‘tarilishini qo‘llab-quvvatlaydi.
  2. Amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar institutsional salohiyatning yaxshilanayotganidan dalolat beradi.

Hukumatning COVID-19 pandemiyasiga qaramasdan islohotlarni davom ettirayotgani, jumladan “Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi qonunda davlat qarzining eng yuqori miqdorining yalpi ichki mahsulotga nisbatan 60% belgilanganligi agentlik tomonidan alohida e’tirof etilgan.

3. Davlat sektori islohotlarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi barqaror iqtisodiy o‘sish istiqbollariga erishishga xizmat qiladi.

Qurilish ishlari va davlat investitsiyalarining pandemiyaga qaramasdan tezlashishi natijasida 2021−2022 yillarda iqtisodiyotning, mos ravishda, 5,5 foiz va 6,3 foizga o‘sishi kutilmoqda.

“Moody's” reyting agentligi hisobotida respublika kredit reytingini oshiruvchi omillar sifatida quyidagilar aytib o‘tilgan:

  • Davlatning fiskal, tashqi va likvidlik holatiga putur yetkazmasdan iqtisodiyot va moliya sektorida mustahkam raqobat muhitining yaratilishiga va mahsuldorlik o‘sishini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirilsa;
  • Byudjet defitsitini moliyalashtirish uchun ichki imkoniyatlarni safarbar etish, jumladan byudjet daromadlari yig‘imining ko‘paytirilishi va milliy valyutada qarz jalb qilishning rivojlantirilishi orqali defitsitni moliyalashtirish uchun davlat tashqi qarziga bog‘liqlik kamaytirilsa.

Respublika kredit reytingini pasaytiruvchi omillar sifatida quyidagilar qayd etilgan:

  • Bozor islohotlari va xususiylashtirish jarayoni sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirsa va bunga davlat korxonalari tayyor bo‘lmasa, mazkur korxonalar moliyaviy ahvolining yomonlashuvi mamlakatning makroiqtisodiy barqarorligiga xavf tug‘dirsa;
  • davlat uchun tashqi qarz yoki xorijiy investitsiyalar jalb qilish manbalari kamaysa.

Fevral oyida agentlik hukumat tomonidan amalga oshirilgan tarkibiy islohotlar iqtisodiyotdagi ko’plab samarasizliklarni bartaraf etgani, ammo asosiy va ijro etilish xavfini tug’diradigan eng qiyin islohotlar hali oldinda ekanligini ta’kidlabo’tgan edi.