Markaziy bank matbuot xizmatining xabar berishicha, Oʻzbekistonda 2021−2023-yillarga moʻljallangan Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiyaga bir qancha yoʻnalishlarni oʻz ichiga olgan. Masalan, umumtaʼlim muassasalarida va noiqtisodiy yoʻnalishdagi taʼlim muassasalarida “Moliyaviy savodxonlik” oʻquv dasturi joriy etiladi.
Shuningdek, moliyaviy savodxonlikni oshirish boʻyicha oʻquv dasturlari ishlab chiqiladi.
Bozorga yangi fintex kompaniyalarning kirib kelishiga qulay shart-sharoitlar yaratish, masofadan identifikatsiya qilish tizimini yoʻlga qoʻyish, milliy toʻlov tizimini modernizatsiya qilish orqali raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish belgilangan.
Shuningdek, tadbirkorlar loyihalarini moliyalashtirishga moʻljallangan turli moliyaviy vositalarni rivojlantirish va nobank kredit tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish orqali kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyalashtirishni kengaytirish nazarda tutilgan.
Strategiya asosida moliyaviy mahsulot va xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, shikoyatlar va nizolarni hal qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish orqali moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilari huquqlari himoyasini kuchaytirish ishlari ham olib boriladi.
Hujjatda aholining barcha qatlamlari, jumladan, yetarli darajada moliyaviy xizmatlar bilan qamrab olinmagan, kam daromadga ega, qishloqlarda istiqomat qilayotgan fuqarolar hamda kichik biznes subyektlari uchun sifatli moliyaviy mahsulot va xizmatlardan foydalanish imkoniyati mavjud tizim yaratish belgilangan.