Uchko‘prik tumanida “Coca-cola”, “Pepsi” va “Fanta” nomli salqin ichimliklar ishlab chiqarayotgan yashirin sex faoliyati fosh etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining rasmiy Telegram-kanali xabar berdi.

Uchko‘prik tuman bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan “Coca-cola ichimligi Uzbekiston — LTD” MCHJning murojaatiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.E. yashash xonadonida yashirin sex tashkil qilib, sanitariya va gigiyena talablariga javob bermaydigan sharoitda “Coca-cola”, “Pepsi” va “Fanta” nomi ostida salqin ichimliklarini ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlanib, voqea joyidan tayyor mahsulotlar, bo‘sh yelim idishlar, rangli suyuqlik va boshqa tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.