O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-noyabrdagi farmoniga muvofiq, “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududida Termiz xalqaro savdo markazitashkil etilmoqda.

Umumiy qiymati $75 mln bo‘lgan ushbu markaz ulkan va ko‘p tarmoqli bo‘ladi. U yerda 1 ming 800 ta savdo nuqtasi, qariyb 1 million tonna yuk sig‘imiga ega logistika markazi va omborxonalar, 1 ming 600 kvadrat metrlik ekspo markaz, shuningdek, ikkita mehmonxona, xostel, shifoxona, avtomobil ustaxonalari va boshqa obyektlarbarpo etiladi.

Markaz uchun Termiz tumanidan 26 gektar maydon ajratilib, qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Korpuslarning birinchi qavatida savdo nuqtalari, ikkinchi qavatida yengil ishlab chiqarish korxonalari joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Xalqaro savdo markazida maxsus soliq va bojxona rejimi, 10 kungacha vizasiz tartib, “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada ishlab chiqarish ham, savdo ham rivojlanadi. Markazning yillik savdo aylanmasi $500 mln, eksport quvvati $200mln bo‘lishi mo‘ljallangan. Bu yerda jami 5 ming 600 dan ziyod ish o‘rni yaratilishi mumkin.