Xususiy tadbirkorlarga temir yoʻl vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar 2025-yil 1-yanvargacha uzaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.

“Mahsulotlarimiz raqobatbardosh boʻlishi, yangi bozorlarga chiqishi, umuman hududlararo savdo va kooperatsiya aloqalarini bogʻlashda transport-logistika masalalari muhimligini sizlar hammadan yaxshi tushunasizlar. Bu borada, transport koridorlarini rivojlantirish, yuklarni bojxona orqali oʻtkazishni soddalashtirish va raqamlashtirish, transport xarajatlarini qisman qoplash tizimini yoʻlga qoʻydik”, — dedi davlat rahbari.

Taʼkidlanishicha, bu tizim orqali, yil boshidan buyon 3 mingdan ziyod eksportyorlarga 200 mlrd soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatilishi natijasida qariyb $800 mln lik eksport amalga oshirildi. Yil yakuniga qadar ushbu korxonalar tomonidan eksport hajmini $2 mlrd ga yetkazish boʻyicha tizimli ishlarni izchil davom ettiriladi.

Prezidentning aytishicha, buning uchun, birinchidan, yuk avtomobillarini olib kirishga 2 yil avval bojxona imtiyozlari berganimiz hisobiga, avtotransportda tashish xizmatlari 2 baravarga arzonlashdi, yuk hajmi esa 1,5 baravarga oshdi. Lekin, bu imtiyoz 4 oydan keyin tugaydi. Shu bois, 40 dan ziyod tadbirkorlar ushbu bojxona imtiyozlarini uzaytirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirgan. Bularni inobatga olib, imtiyozlarni yana 3 yilga uzaytirish boʻyicha kuni kecha yangi qarorni imzolangan.

Shuningdek, Transport vazirligi kelgusi yil 1-yanvardan boshlab, har bir xizmatning tannarxi va uning tarkibini keng jamoatchilikka eʼlon qilib boradi.

Temir yoʻl sohasida kelgusi 5 yil uchun 7 mingdan ziyod yuk vagonlariga ehtiyoj mavjud. Bu muammoni davlat tomonidan emas, balki xuddi elektr energiyasi yoki sement ishlab chiqarishga oʻxshab, faqat va faqat xususiy sektorni jalb qilish orqali ijobiy hal qilish mumkin. Shuning uchun, kelgusi yilda oʻz vagoni va konteyneriga ega boʻlgan xususiy logistika operatorlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi va tariflar ikkiga ajratiladi.

Bunda, davlat tomonidan faqatgina temir yoʻl infratuzilmasi hamda lokomotiv xizmatlari tartibga solinadi, yuk vagonlari xizmati esa bozor tamoyillari asosida shakllanadi. Shuning uchun, xususiy tadbirkorlarga temir yoʻl vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar 2025-yil 1-yanvargacha uzaytiriladi.