Prezident farmatsevtika tarmog’ida amalga oshirilishi ko’zda tutilgan loyihalar bilan tanishdi.

Unda o’tgan 5 yil davomida qilingan ishlar hisoboti taqdim etildi. Kelgusi besh yilda tarmoqda ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirish, ichki bozorni ta’minlash darajasini natural hajmda 80 foizga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Shu maqsadda 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.

Taqdimotda ana shu loyihalar haqida ma’lumot berildi.

Xususan, jami $1,25 milliardlik 104 ta investitsiya loyihasi rejalashtirilgan. Ularning natijasida $376 millionlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanib, $84 millionlik eksport quvvati yaratilishi hisob-kitob qilingan. Eng muhimi, 9 mingga yaqin kishi ish bilan ta’minlanadi.

Prezidentimiz bu loyihalarning ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatini ta’kidlab, ularni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Taqdimotda mahalliy dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Mamlakatimiz hududida 750 turdagi dorivor giyohlar o‘sadi. Ulardan foydalanib, dunyo bozorida xaridorgir tabiiy mahsulotlar ishlab chiqarish uchun hamma sharoit yaratib berilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 10-apreldagi qarori bilan yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi, muayyan hududlar dorivor o‘simliklar yetishtirishga ixtisoslashtirildi. Bu yo‘nalishda 19 ta korxona ishga tushirildi.

Lekin 750 turdagi dorivor o‘simliklardan faqatgina 70 tasi mahalliy korxonalar tomonidan faol ishlatilmoqda.

Prezidentimiz yurtimizdagi dorivor o‘simliklarni chuqur qayta ishlash orqali eksportni $15 millionga yetkazish va 5 mingdan ortiq aholini ish bilan ta’minlash mumkinligini ta’kidladi. Mutasaddilarga shu yo‘nalishdagi klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yib, ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Sohadagi yana bir yirik loyiha — “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteridir.

Shuningdek, bu yerda 140 million dollarlik 7 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.