Toshkent shahar hokimligida hokim o‘rinbosari Sharof Rahmonov “Stone City Siemens” kompaniyasining bosh direktori Alan Danyo boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Mehmonlarni qarshi olgan Sharof Rahmonov bahorda Siemens kompaniyasi bilan imzolangan hamkorlik memorandumi to‘g‘risida eslatib, taraflarning erishilgan kelishuvlar bo‘yicha aniq harakatlarga o‘tish maqsadini qo‘llab-quvvatladi.

“Xususan, biz mehmonlardan shaharni issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlashga mo‘ljallangan bug‘-gaz qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha texnik yechimlarning shartlari tafsilotlari va ta’rifini kutyapmiz”, — dedi Sharof Rahmonov.

Muzokaralar davomida hamkorlik shartnomasini imzolashdan oldin kelishib olish zarur bo‘lgan tashkiliy va texnik masalalar muhokama qilindi.

Loyihani amalga oshirish 7−8 yilga mo‘ljallangan, shundan so‘ng shaharning issiqlik ta’minotini rivojlantirishning barqaror modelini olish kutilmoqda.

Stone City Siemens tomonidan taklif qilingan texnik yechimning o‘ziga xos xususiyati shundaki, kompleks suv ta’minoti tizimiga bog‘lanmagan. Barcha qurilmalar distillangan suvda yopiq siklda ishlaydi, bu ishqorlanish paydo bo‘lishining oldini oladi va uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatishni osonlashtiradi.

Tomonlar Toshkent shahridagi tumanlarida issiqlik va elektr energiyasini yetkazib beradigan uskunalarni o‘rnatish va ishga tushirish to‘g‘risida bitim imzolashga erishish maqsadida yaqin hamkorlik to‘g‘risida kelishib oldilar.