Oʻzbekistonda davlat korxonalarining transformatsiyasi hamda xususiylashtirish jarayonlari tezlashtiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.

“Endi samarasiz korxonalar davlatdan qoʻshimcha yordam olmasdan, xususiy sektor kabi „oʻz aravasini oʻzi tortishi“ shart. Bunda, mashinasozlik, kimyo, neft-gaz, energetika, kon-metallurgiya, transport kabi tarmoqlardagi 23 ta yirik korxona xalqaro kredit reytinglarini olish orqali ichki va tashqi moliyaviy bozorlarga mustaqil chiqib, investitsiya loyihalari uchun oʻzi mablagʻ jalb qilishi talab etiladi”, — Shavkat Mirziyoyev.

Taʼkidlanishicha, energiya resurslari bozori erkinlashtirilib, sohaga xususiy investitsiyalar keng jalb qilinadi. Natijada, 2026-yilga borib, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi yiliga qoʻshimcha 30 mlrd kilovatt/soatga oshiriladi va jami 100 mlrd kilovatt/soatga yetkaziladi.

Kelgusi yilda tabiiy gaz boʻyicha ham erkin bozor tamoyillarini joriy etish ishlari boshlanadi. Elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlarini erkinlashtirish bilan birga, ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun ijtimoiy isteʼmol normalari kiritiladi.

Shu bilan birga, bank tizimini transformatsiya qilish orqali xususiy banklarning ulushi, jami bank aktivlarining 60% iga yetkaziladi.

“Umuman, 2026-yilga borib, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 67% dan 80% ga, eksport hajmida esa 32% dan 60% ga oʻsishi taʼminlanadi”, — dedi prezident.