Buxoro neftni qayta ishlash zavodida AI-98 yuqori sifatli etillanmagan benzin ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Bu haqda “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati maʼlumot bermoqda.

AI-98 markali avtomobil benzini, asosan siqish darajasi 12 dan 14 gacha boʻlgan dvigatelli avtomobillarda ishlatiladi. Ushbu mahsulot yuqori detonatsiyaga qarshi xususiyat (oktan xarakteristika)lari tufayli dvigatel quvvatini oshiradi hamda tezlanish dinamikasini yaxshilaydi, tebranish, shovqin darajasini pasaytiradi, shuningdek, yonilgʻi sarfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish agentligidan AI-98 markali avtomobil benzini ishlab chiqarish boʻyicha muvofiqlik sertifikati ham olingan. 380 tonna hajmdagi benzinning fizik-kimyoviy xususiyatlari standartga binoan muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilgan.

Qayd etilishicha, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan joriy yilning sentyabr-dekabr oylarida 36,5 ming tonna AI-91, 13,1 ming tonna AI-92 1,4 ming tonna AI-95 yuqori oktanli avtobenzin ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Avvalroq Spot Oʻzbekistonning benzin importi 4 barobarga oshganligi haqida xabar bergan edi.