Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan Internet tarmogʻidagi resurslarini monitoringi davomida kripto-aktivlarni sotish va ayrboshlash bilan bogʻliq har-xil turdagi norasmiy platformalar faoliyati avj olganligi maʻlum boʻldi.

Mazkur turdagi platformalar manzillarini boshqa davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilib, Oʼzbekiston Respublikasida serverlari oʼrnatilmasdan, koʻpgina holatlarda fuqarolarning shaxsiy maʻlumotlarini soʻrab olgan holda, ularga kripto-aktivlarni sotish, sotib olish yoki ayriboshlashni taklif etmoqdalar.

Mazkur turdagi platformalar misollari:

  1. https://webmoneytashkent.com;
  2. https://wmztashkent.com;
  3. https://wm-torg.com;
  4. https://uzwmz.com;
  5. https://blockchainuz.com;
  6. https://bitcointashkent.com.

Shu bilan birga, ushbu turdagi faoliyat “telegram” guruh va botlar orqali ham amalga oshirilib, ularning tashkilotchilari tuliq anonim boʻlib, kerak boʼlganda ushbu guruh va botlarni darhol uchirishlari mumkin.

Bu turdagi platformalar yordamida kripto-aktivlar bilan oʻtkazilayotgan operatsiyalar uchun hech qanday huquqiy javobgarlikka tortish imkoni mavjud emasligi va ular oʻtkazilayotgan bitimlar qonuniyligini, hamda fuqarolar shaxsiy maʼlumotlari saqlanishini taʼminlanishiga kafolat bera olmasligini inobatga olib, Аgentlik fuqarolarni imkon qadar hushyor boʻlishga, ehtiyot boʼlishga chaqiradi.

Аgar mamlakat hududida shubhali sxemalar asosida kripto-aktivlar yordamida ish yuritayotgan ayrim kompaniyalar yoki shaxslarning faoliyati toʻgʼrisida biron bir maʻlumot boʻlsa, qonunda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishingiz so’raladi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, agar kripto-aktivlarni noqonuniy maqsadlarda yoki firibgarlik uchun ishlatayotgan kompaniyalar haqida maʻlumot boʻlsa, Аgentligining fraud@napm.uz elektron manziliga tegishli maʻlumotlarni yuborish soʻraladi.

Аvvalroq, Аgentlik tomonidan oʻz saytida shubhali loyihalarining asosiy belgilari eʻlon qilingan.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida"gi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi PQ-3832-son “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi, jumladan kripto-aktivlar savdosi boʻyicha kripto-birjalar yaratish faoliyati litsenziyalanishi lozimligi belgilangan.