“Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish tizimini yana-da takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Hukumat qarori (616-son, 30.09.2021 y.) qabul qilindi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti tuzilmasi hamda Institut to‘g‘risidagi nizom;
  • Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari to‘g‘risidagi namunaviy nizom;
  • Malakalarni baholash markazi to‘g‘risidagi namunaviy nizom.

Mehnat institutining faoliyati Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 31 dekabrgacha quyidagilar ishlab chiqiladi:

  • zamonaviy bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan O‘zbekistonda mehnatni meʼyorlash konsepsiyasi;
  • Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish tizimini strategik boshqarish mexanizmini shakllantirishga doir amaliy chora-tadbirlar.

2021-yil 1-noyabrdan Mehnat instituti tomonidan, jumladan, quyidagilar shakllantiriladi va yuritiladi:

  • Malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni baholovchi tizim hamda kasbiy standartlarni va mustaqil baholashning maʼlumotlar bazasi;
  • Mehnat migratsiyasida talab yuqori bo‘lgan kasblar to‘g‘risidagi yagona maʼlumotlar bazasi.

Qarorga ko‘ra shuningdek, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasidagi Davlat mehnat inspeksiyasi tizimida tajriba-sinov tariqasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Mehnat sohasidagi murojaat va nizolarni o‘rganish hamda hal qilishga ko‘maklashish markazi tashkil etildi.