“Geologiya-qidiruv ishlarini yanada rag‘batlantirish va yer qa’ridan foydalanuvchilarga soliq solish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni imzolandi.

Unga ko’ra, 2022-yil 1 — yanvardan boshlab muhim tijorat salohiyatiga ega bo‘lgan uglevodorodlar, qimmatbaho, rangli, nodir va radioaktiv metallar va boshqa turdagi rudali foydali qazilmalar obyektlari bo‘yicha geologik o‘rganish yoki avval o‘rganilgan yer qa’ri uchastkasida qazish ishlari uchun yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini tanlov savdolariga chiqarishning maxsus tartibi o‘rnatiladi.

Bunda:

  • sotuv summasi yer qa’ridan foydalanish huquqi uchun bonus summasi sifatida qaraladi va tanlov savdolari tashkilotchilarining xarajatlarini chegirgan holda O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetiga o‘tkaziladi;
  • tanlov savdolari tashkilotchisi yoki tanlov savdolari ishtirokchilari qonunchilikda belgilangan tartibda foydali qazilmalarni qazib olishda (ajratib olishda) ayrim soliq turlari bo‘yicha soliq stavkalarini oshirilgan miqdorda taklif qilish huquqiga ega.

Shuningdek, 2022 — yil 1-yanvardan boshlab:

a) geologiya-qidiruv va (yoki) izlanish ishlari o‘tkazish uchun ajratilgan yer uchastkalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i solish obyekti hisoblanmaydi;

b) ajratilgan maydon va foydali qazilma turlaridan kelib chiqib, qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan miqdorda hisoblab chiqiladigan, geologik o‘rganishlar uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun har yillik litsenziya to‘lovi joriy qilinadi;

v) geologik o‘rganishlar uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun har yillik litsenziya to‘lovi quyidagilarga yo‘naltiriladi:

70 foizi — O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetiga;

15 foizi — viloyat mahalliy byudjetiga;

15 foizi — tuman (shahar) mahalliy byudjetiga.

Geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, shuningdek, ular tomonidan jalb etiladigan pudrat va yordamchi pudrat tashkilotlari quyidagilardan ozod etiladi:

  • konlarni qidirish, aniqlash va ishlatish davrida geologik qidiruvni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan maxsus texnikalarni vaqtincha olib kirishda davriy bojxona to‘lovlaridan;
  • konlarni qidirish, aniqlash va ishlatish bo‘yicha ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, moddiy-texnika resurslari va maxsus texnikalarni import qilishda bojxona bojidan.

2021-yil 1-oktyabrdan boshlab:

  • tabiiy gazni eksportga realizatsiya qilishda aksiz solig‘i stavkasi nol foiz miqdorida belgilanadi;
  • yuridik shaxslar tabiiy gazni O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona bojidan ozod qilinadi.

Farmon bilan batafsil quyidagi havola orqali tanishish mumkin.