Energetika vazirligi tizimidagi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasida birinchi yuqori kuchlanishli raqamli podstansiya qurilmoqda.

220 kV kuchlanishli raqamli “Zafarobod” podstansiyasini qurish investitsiya loyihasi Osiyo taraqqiyot banki ko‘magi asosida amalga oshirilmoqda. Raqamli podstansiya Jizzax viloyatida 2023 yilda foydalanishga topshiriladi.

“Tayyor holda topshirish” sharti asosida, Osiyo taraqqiyot banki talablariga ko‘ra o‘tkazilgan xalqaro tender savdolari natijalari bo‘yicha “Shanghai Electric Group Co.,Ltd” (Xitoy) kompaniyasi g‘olib deb topildi.

Ushbu loyiha doirasida “GOPA — International Energy Consultants GmbH” (Germaniya) konsalting kompaniyasi faoliyat yuritmoqda.

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4699-sonli qarori hamda 2020 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2021 — 2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4937-sonli qarorlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.