Ijtimoiy injiniring usullarini qo‘llagan holda fuqarolarning ishonchiga kirish orqali ularning pul mablag‘larini o‘zlashtirish, aldov yo‘li bilan bank plastik kartalaridagi pul mablag‘larini boshqarish huquqini qo‘lga kiritish, shaxsga doir ma’lumotlarni ruxsatsiz olish va to‘lov evaziga tarqatish kabi moliyaviy firibgarliklar ko‘p bor kuzatilmoqda.

Masofaviy bank xizmatlari va to‘lov tashkilotlarining elektron pul o‘tkazmalaridan foydalanuvchilarga uyushtirilayotgan kibertahdidlar, virtual firibgarliklarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki barcha fuqarolarni ogohlantiradi:

Tasdiqlovchi kodni oshkor qilmang

Har qanday holatda ham SMS-xabar orqali kelgan bir martalik tasdiqlovchi kodni hech kimga oshkor qilmang. Ushbu tasdiqlovchi kod yordamida firibgarlar xisobingizdagi pul mablag‘larini ruxsatingizsiz o‘tkazishi yoki mobil ilovalar yordamida ularni boshqarish huquqini qo‘lga kiritishi mumkin.

Begona shaxslarga bank kartalari yoki bankning mobil ilovasidagi akkauntingiz to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bermang

Shuni yodda tutish kerakki, bank kartasiga pul o‘tkazish uchun uning 16 xonali raqamini bilish yetarlidir.

Bank xodimlari plastik kartangizning amal qilish muddati yoki SMS-xabar orqali kelgan tasdiqlovchi kodlarni aytishingizni so‘ramaydi.

Sizga telefon orqali murojaat qilib, o‘zini bank xodimi, to‘lov tashkilotining administratori yoki boshqa davlat idorasi xodimi sifatida tanishtirib, plastik kartangiz bo‘yicha yoki bankning mobil ilovasidagi akkauntingiz to‘g‘risidagi ma’lumotlarni so‘ragan shaxslarga, bank plastik kartasi to‘g‘risidagi konfidensial axborotlarni yoki shaxsiy ma’lumotlaringizni bermang.

Ular firibgar bo‘lishi mumkin. Har qanday hollarda ham hisob raqamingizdagi o‘zgarishlar, shubhali to‘lovlar, sizning nomingizga rasmiylashtirilgan kreditlar yoki omonatlarni sabab qilib ma’lumot olishga urinishlarni sezsangiz, xizmat ko‘rsatuvchi bankingizga murojaat qilib, aniqlik kiritishingiz zarur.

Taklif etilayotgan tovar va xizmatlarning rasman sertifikatlangan yoki litsenziyaga ega ekanligini tekshiring

Turli aksiyalar, yutuqli lotoreya sovrinlari, brokerlik xizmatlari, valyuta birjalarida qatnashib, yuqori daromad olish, chet davlatlarida onlayn o‘qish va yuqori daromadli ishlarga tez va oson joylashtirish, oldindan sarmoya kiritib qisqa muddatda boyib ketish, onlayn savdo platformalari orqali tovarlarni arzon narxlarda yetkazib berish kabi arzimas xizmat haqi evaziga yuqori daromad olishga undovchi yolg‘on takliflari bilan fuqarolarning ishonchidan foydalanib ularning pul mablag‘larini o‘zlashtirishga urinish holatlari kuzatilmoqda.

Bunda firibgarlar soxta shartnoma va hujjatlarni taqdim etib fuqarolarni ishontirishga harakat qiladi.

Internet tarmog‘idagi veb-sahifalarning rasmiyligini tekshiring

Shubhali bo‘lgan veb-sahifalarda bank kartasi to‘g‘risidagi ma’lumotlaringiz va SMS-xabari orqali kelgan tasdiqlovchi kodlarni kiritmang.

Hozirgi kunda qo‘rinishi jihatdan to‘lov tashkilotlarining veb-saytiga o‘xshagan soxta sahifalar firibgarlar tomonidan tarqatilmoqda.

Saytga bank kartasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilganda, firibgarlar ushbu ma’lumotlar yordamida plastik kartalarning bank mobil ilovalariga ulanib, pul mablag‘larini o‘zlashtirishi xavfi mavjud.

Sizga taklif etilgan veb-sahifaning haqiqiyligiga shubha qilsangiz, tegishli tashkilotning internet tarmog‘idagi rasmiy sayti yoki veb-sahifasining manzili bilan solishtirib ko‘ring.

Quyidagi ro‘yhatda tashkilotlarning logotipidan foydalangan ayrim soxta veb-sahifa manzillari keltirgan:

  1. https://yandex.uz-gets.space/
  2. https://click.uz-gets.space/
  3. https://click.3ds-uz.net/
  4. https://click.uz-gets.click/
  5. https://click-payment.site/
  6. https://click.uz-pay.xyz/
  7. https://olx.pay/