Spot avval yozganidek, “Oʻzkomnazorat” rahbari Gʻolibsher Ziyayev 3-noyabr kuni kechqurun bir qator internet xizmatlarining cheklanishi bilan bogʻliq hodisadan soʻng oʻz lavozimidan ozod etilgan edi. Shuningdek, IT sohasiga masʼul ikki mansabdor oʻz lavozimini yoʻqotdi.

Kimlar ishdan boʻshatildi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmatining xabariga koʻra, vazir Shuhrat Sodiqov lavozimidan ozod etilgan.

2020-yil avgust oyi oxirida u 2 yil ichida aholining 85%ini mobil internet bilan taʼminlash va 4,4 mingta baza stansiyalarini oʻrnatish majburiyatini olgan edi.

Sodiqov Axborot vazirligiga qadar Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori, 2010−2017-yillarda esa Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamentiga rahbarlik qilgan.

Bundan tashqari, Spot-ga manbalarning xabar berishicha, Bosh vazir maslahatchisi, IT-texnologiyalarni, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish departamenti boshligʻi Olimjon Umarov ham lavozimidan ozod etilgan.


Umarov 2017-yilning iyun oyidan buyon Axborot texnologiyalari vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi. Xususan, u 2018-yil oxirida Facebook va YouTubeʼga kirish bilan bogʻliq muammolarni hal qilishga vaʼda bergan edi.

Keyinchalik uning oʻzi ham kirish muammosiga yechim kutayotganini aytdi, chunki VPN-dan foydalanish “baʼzida noqulay boʻlib qoladi”.

2020-yil fevral oyida Umarov Oʻzbekistonda internet tezligini 10 barobarga oshirish va 5G tarmoqlarini ishga tushirish, shuningdek, foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida Google, Yandex va Facebook serverlarini mahalliylashtirish rejalarini maʼlum qilgan edi.

Biroz ortga nazar

“Oʻzkomnazorat” 3-noyabr kuni soat taxminan 20:00da YouTube, Facebook, Linkedin, Instagram, OK, Telegram va Moi Mirʼning ishlashiga cheklovlar kiritilganini maʼlum qildi. Xizmatlar shaxsiy maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunni buzuvchilar reestriga kiritildi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevga “Oʻzkomnazoratning hukumat koʻrsatmasi boʻyicha qabul qilingan bir tomonlama, toʻliq oʻylamagan harakatlari” haqida maʼlumot berilganini aytdi.

“Hodisa yuzasidan surishtiruv harakatlari olib boriladi”, — deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

Ijtimoiy tarmoqlarga kirish oʻsha kuni bir necha soatdan keyin tiklandi. Biroq ushbu voqealar fonida mobil VPN-larga talab oshdi.

Roʻyxatda hali ham iyul oyidan boshlab cheklovlarga duchor boʻlgan TikTok, Twitter, Skype, WeChat va VKontakte mavjud.

Oʻtgan haftada internet xizmatlari tomonidan Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsiy maʼlumotlarini mamlakat hududida saqlash talabiga rioya qilmaganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun qabul qilindi. U 2022-yil yanvar oyidan kuchga kiradi.