Ijtimoiy tarmoq 2022-yil mart oyida Virtual Dining Concepts bilan birgalikda TikTok Kitchen yetkazib berish xizmatini yoʻlga qoʻyadi, deya xabar bermoqda Bloomberg kompaniyaga tayanib.

Virtual Dining Concepts mashhur blogerlarga faqat yetkazib berish xizmati uchun ishlaydigan restoranlar ochishga yordam beradi. Masalan, kompaniya koʻmagida ishga tushirilgan YouTube blogerining MrBeast restorani uch oy ichida 1 mln dona burger sotgan.

Birinchi bosqichda TikTok AQShda 300 ta, 2022-yil oxiriga kelib esa 1000 dan ortiq “koʻrinmas” oshxonalarni ochadi.

Menyu ilovadagi eng mashhur retseptlar asosida tuziladi. Narxlar boshqa Virtual Dining Concept brendlari bilan taqqoslanadi, masalan, MrBeast burgerining narxi 6,99 dollardan boshlanadi.

TikTok restoran daromadini retsept mualliflari bilan baham koʻrishini aytdi. Ijtimoiy tarmoq mualliflik qanday aniqlanishini tushuntirmagan. Bloomberg qayd etishicha, bir xil retseptga ega videolarni turli foydalanuvchilar joylashtirishi mumkin. Bunday holda, taomlar mualliflarining ismlari TikTok Kitchen menyusida koʻrinmaydi.

Avvalroq Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov TikTok zararli boʻlsa, uni foydali resursga aylantirish lozimligi haqida aytgan edi.