Dunyo boʻylab 80 dan ortiq faktlarni tekshirish boʻyicha tashkilotlar guruhi YouTubeʼni pandemiyaning ikki yili davomida platformada aylanib yurgan koronavirus haqidagi notoʻgʻri maʼlumotlarga qarshi kurashni boshlashga chaqirdi.

“Biz faktcheking tashkilotlarining global tarmogʻi sifatida internetda yolgʻon tarqalishini kuzatib boramiz va YouTube butun dunyo boʻylab yolgʻon maʼlumot tarqatishning asosiy kanallaridan biriga aylanganini koʻramiz”, — deyiladi tashkilotlar ochiq xatida.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, YouTubeʼda sogʻliq bilan bogʻliq notoʻgʻri maʼlumotlar uzoq vaqtdan beri aylanib yuradi, jumladan, bir qancha kasallarga isbotlanmagan davolash usullarini qoʻllashga undovchi kontentlar mavjud.

Fakt tekshiruvi tashkilotlari YouTube’ni ingliz tilidan boshqa tillardagi notoʻgʻri maʼlumotlar toʻfoniga qarshi turish uchun “har qanday tilda ishlaydigan mamlakatga va tilga xos maʼlumotlar va transkripsiya xizmatlarini taqdim etishga” chaqirmoqda.

YouTube oʻzining dezinformatsiya siyosati borasida ancha shaffof boʻlishi va bu masalalarda ixtisoslashgan mustaqil tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlashi kerak, deyiladi xabarda. Mutaxassislar, shuningdek, platformani dezinformatsiyani yoʻq qilish va platformada zudlik bilan kontekstni taqdim etish boʻyicha saʼy-harakatlarini kuchaytirishga chaqiradilar.