Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida elektr ta’minotidagi uzilish munosabati bilan aeroportlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda.

Taʼkidlanishicha, Toshkent aeroportida Toshkent — Nur-Sulton yo‘nalishi bo‘yicha HY-721 reysining barcha yo‘lovchilari ro‘yxatdan o‘tish, shuningdek, bojxona va pasport nazorati va xavfsizlik tekshiruvidan o‘ta olmadi. 60 ga yaqin yo‘lovchi steril zonada, 30 ga yaqin odam ro‘yxatga olish zonasida boʻlib turibdi. Elektr ta’minotidagi uzilish tufayli yo’lovchilar xavfsizlik tekshiruvidan o’ta olmaydi.

Keyingi chora-tadbirlar “Uzbekistan Airways” tomonidan amalga oshiriladi.

HY-762 reysi Olmaota — Toshkent Navoiydagi muqobil aerodromga yo‘l oldi. Shuningdek, Air Astana aviakompaniyasining Olmaota — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha KC-127 reysi ekipaji jo‘nab ketgan aeroportga qaytishga qaror qildi.

Shuningdek, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Termiz, Qarshi, Urganch, Buxoro, Nukus va Samarqand aeroportlarida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda.

Ayni paytda elektr energiyasi faqat Navoiy aeroportida mavjud.

Elektr tarmoqlarini ta’mirlash ishlari tugallangach, aeroportlar yana ishlay boshlaydi.