26-yanvardan boshlab avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi. Bu haqda AOKAda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Elmira Bekmurodova ishtirokida oʻtkazilgan brifingda maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, bugun soat 09:30 holatiga koʻra, respublikada elektr energiyasi taʼminoti 70% ga tiklangan. Bunda, birinchi navbatda aholi isteʼmolchilari va ijtimoiy soha obyektlari elektr energiyasi bilan taʼminlangan.

“Shuni ham aytib oʻtishimiz kerakki, yuzaga kelgan nosozliklar sababli mamlakatimizdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda. Shu sababli, issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining kamayishi kuzatilmoqda va bu elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda”, deyiladi maʼlumotda.

Bildirilishicha, isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash maqsadida, ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz toʻliq hajmda issiqlik elektr stansiyalari, ijtimoiy soha obyektlari va aholi isteʼmolchilariga yoʻnaltiriladi.

Shu munosabat bilan, bugundan boshlab avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi. Shu bilan birgalikda, boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlmagan yuridik isteʼmolchilarga ham tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha toʻxtatiladi.