Energetika vazirligining xabar berishicha, yuzaga kelgan nosozliklar sababli mamlakatimizdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda.

“Bu esa, oʻz navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda” deyiladi xabarda.

Shu sababli issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining kamayishi kuzatilmoqda va bu elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Hozirgi vaqtda mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan kelib chiqib respublikamizning ayrim hududlarida navbatma-navbat elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

Energotizimda kuzatilgan nosozliklar sababli yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun barcha choralar koʻrilmoqda.

“Energetiklar tomonidan amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar va hozirgi sharoitdan kelib chiqib sizdan energiya qurilmalaridan oqilona foydalanishingizni va xonadoningizda ortiqcha elektr jihozlarini tarmoqqa ulamaslikni soʻraymiz” deyilgan xabarda.